- Rukn: Sheʼrlar
- 5794 marta ko‘rilgan
Dilshod Rajab. Bu guliston bizniki
Yurt madhi
Yurtimizni aylandik,
Maqtovga so‘z sayladik:
Toshkent asli bosh shahar,
Bag‘ri nur-quyosh shahar.
Sirdaryo – gulistonim,
Jizzax – bog‘-u bo‘stonim,
Maydonlarda mard kelgan
Qashqadaryo, Surxonim.
Samarqanddan aytaymi,
Yer yuzining sayqali,
G‘urur qo‘shar ko‘ksiga
Temur bobom haykali.
Ilm uyi Buxoro,
Har toshi hikmat, ma’no,
Xorazmning savlat-u
San’atiga tasanno.
Qoshi qora, qalbi oq,
Qadrdon qoraqalpoq.
Navoiy nomin olib
Oltin berar bu tuproq.
Farg‘ona-yu Andijon,
Namangan – shohi gulim,
Nomin tilga olsang bas,
Ochilar bahr-u diling.
Nomi dilga darmonim
Ulug‘ O‘zbekistonim.
Ishonch
Bu yurt ertasidan xabar –
Ko‘kda zarrin hilol bo‘lgay.
Yana yashnar dala-dashtlar,
Havo sof, suv zilol bo‘lgay.
Nazar qilgan zamin, yer bu,
Mudom tinchlik g‘amin yeru,
Kam emas, kamtarin el bu,
Ki kamtarga kamol bo‘lgay.
To‘kib ter, tinmagay joni,
Osmonga ustun xirmoni,
Ochiq qo‘li, dasturxoni,
Butun noni halol bo‘lgay.
Yuksalur, kuch olib kunda,
Oydayin balqar ochunda,
Bobolar barhayot bunda,
Bolalar barkamol bo‘lgay!
Bizniki
Chaman-chaman yashnagan
Bu guliston bizniki.
Oy-quyosh charaqlagan
Nurli osmon bizniki.
Zavq-u shavqqa kon hayot,
Dilimizda kuy-bayot,
O‘qi, o‘rgan, qil ijod –
Cheksiz imkon bizniki.
Dunyoga bo‘ylashamiz,
Tengma-teng so‘ylashamiz,
Aslo bo‘sh kelmagaymiz,
Katta maydon bizniki.
Tonglari kulib otgan,
Yaratganga xush yoqqan,
Jahon lol bo‘lib boqqan
O‘zbekiston bizniki.