- Rukn: Sheʼrlar
- 3109 marta ko‘rilgan
Erkin Qambar. Do‘st bo‘l yaxshi so‘z bilan
Sayohat – rohat
Otam bilan ko‘p marta
Sayohatga chiqqanman.
G‘oyat go‘zal joylardan
Esdaliklar yiqqanman.
Qarab tursam ularni
Yodga tushar tez shu on.
Pekin, Dehli, Istanbul,
Vena, Parij va London.
Gavjum shahar, bog‘larni,
Yayrab kezdim kun, tuni.
Ko‘llar, qorli tog‘larni
Bo‘lib qoldim maftuni.
Xayolimda oynadek,
Moviy dengiz chayqalar.
Suv ustida charx urar,
Baliqqa o‘ch chaykalar.
Mening uchun bilsangiz,
Xo‘p soz o‘tdi sayohat.
U baxsh etdi tanga kuch,
Dilga quvonch va rohat.
Ko‘rgan joylar hech qachon
Ko‘z oldimdan ketmaydi.
O‘xshasa ham jannatga,
O‘z yurtimga yetmaydi.
Yaxshi va yomon so‘z
Yomon so‘z bil, insonga
Juda og‘ir botadi.
Ham yuragi o‘ynoqlab,
Tani muzdek qotadi.
Yana o‘xshab chayonga
Etga sanchar nishini.
Og‘rig‘iga chidolmay
Yoshi oqar kishini.
Yaxshi so‘z-chi, bamisol
O‘xshar go‘zal bahorga.
Xushnud etib qalblarni
Shifo bo‘lar bemorga.
Ushbu so‘z bosh ustida
Quyosh kabi porlaydi.
Seni, meni doimo
Ezgulikka chorlaydi.
Esing yig‘ib ey, o‘rtoq,
Yomon so‘zdan nari yur.
Do‘st bo‘l yaxshi so‘z bilan
U yo‘lingga sochar nur.
Bulbuljon
Buncha ham xush ovozing,
Bulbuljon.
Zavq-shavq olar eshitgan
Har bir jon.
Qushlar ichra o‘zingsan,
Donosi,
Qo‘shig‘ingning xo‘p chuqur
Ma’nosi.
Unda yurtga muhabbat
Aks etar.
Ohangiga keksa, yosh
Raqs etar.
Shoxdan tushib, bulbuljon,
Dambo-dam,
Qo‘shig‘ingni o‘rgatgin
Menga ham.
So‘ng kuylaylik ikkimiz
O‘rtoq bo‘lib,
Zora ketsam sen kabi
Sayroq bo‘lib.