- Rukn: Sheʼrlar
- 1089 marta ko‘rilgan
Oʻrmondagi “armiya”
Jonzotlarga bilsangiz,
Oʻrmon – yagona Vatan.
Qoʻriqlashar tun-u kun,
Boʻlishar bir jon-u tan.
Fillar “harbiylar” uchun
Zoʻr binolar quradi.
Lochin – “Havo hujumi”,
Hamlaga shay turadi.
Nazardan chetda qolmas,
Hech ne. Suvda-chi, dema.
“Hammasi nazoratda!”,
Nahang – “Suv osti kema”.
Xushyor chegarachidir,
Dovyurak Jayra degan.
Yovga nayza urishda,
Uchiga chiqqan “mergan”.
Maymunlar – kuchli juda,
Bari jasur va tanti.
Daraxtdan sakrar yerga,
Boʻlib “havo desanti”.
“Taʼminot”da sichqon-u
Asalchi ari ham bor.
Olmaxon tashir yongʻoq,
Yemishga toʻlar “ombor”.
Yumronlar – “razvedkachi”,
Atrofni kuzatadi.
Qizilishton – “telegraf”,
“Signal”ni uzatadi.
Yovqur, tengsizdir ular,
Barchasi sara “jangchi”.
Boʻrivoylar – “sanitar”,
Ayiqvoy – usta “tankchi”.
“Maslahatchi” Tulkini,
Yengolmay yovlar garang.
“Harbiy xiyla”ga rosa,
Ekan ustasi farang...
Nomin aytsam birma-bir,
Yana qancha “piyoda”.
Asrar ona Vatanin
Dilda mehr ziyoda.
Mardlar safiga qoʻshil,
Bir chekkada turma-da.
“Maydon”da – Yoʻlbars, Qoplon,
Timsohlar – “pistirma”da...
Dono, adolatli Sher,
Bu qoʻshinga qoʻmondon.
Shu sababli yashnagay,
Zavol koʻrmasdan Oʻrmon!
Bahodir Obid