- Rukn: Sheʼrlar
- 1023 marta ko‘rilgan
Kezayotir yoz
Keng oʻlkam boʻylab
Kezayotir yoz.
Oʻng-u soʻlimga
Toʻshab poyondoz
Kezayotir yoz,
Bezayotir yoz.
Daraxt shoxida
Turfa xil meva.
Men pishdim, deya,
Qilmoqda jilva.
Bogʻbonni eʼzoz
Qilgandayin yoz
Sochmoqda quyosh
Nur-u harorat.
Asli jon-tanga
Huzur-halovat.
Yayrab dilni yoz,
Kezar oltin yoz.
Sayr-u sayohat
Boshlagan faslim.
Yurtimni kezib
Chiniq ey, naslim.
Chiniqmoqlik soz
Kelganida yoz.
Kezayotir yoz,
Bezayotir yoz.
Oh, qandayin soz
Asl fasl yoz!
Koʻngillarni yoz,
Koʻngillarni yoz!
Poʻlat Moʻmin,
Oʻzbekiston xalq shoiri