- Rukn: Sheʼrlar
- 4699 marta ko‘rilgan
Sport bilan doʻstlashing
Terlab sovuq suv ichdim,
Oldi darhol tomoqdan.
Oʻzim qildim oʻzimga,
Jonim qoldi azobda.
Koʻtarildi harorat,
Loʻqillab ogʻrir boshim.
Oʻtmas tomoqdan ovqat,
Yonmoqda ich-u tashim.
Bezovta ota-onam,
Davo izlab chopishar,
Tuzalsin terlab-terlab,
Deb koʻrpalar yopishar.
Uxlab tush koʻray desam
Uyquda ham orom yoʻq.
Oʻrnimdan turay desam
Oyogʻimda darmon yoʻq.
Ana, koʻring azizlar,
Darmonim yoʻq, toliqdim,
Beparvolik ortidan
Shu baloga yoʻliqdim.
Tekshirganda shifokor
Qilmishim boʻldi oshkor.
Shamollabdi tomogʻim,
Shundan ogʻribdi jonim.
Ukol, dori nihoyat
Bagʻishladi halovat.
Tavba qildim oʻzimga,
Quloq soling soʻzimga.
Aslo ichmang muzday suv,
Yoʻtaltiradi quv-quv.
Sport bilan doʻst boʻling,
Tanangiz chiniqtiring.
Shunda sovuq ayoz ham
Sizni yengolmas hech ham.
Junaydullo NASRIDDINOV,
Navoiy viloyati Xatirchi tumani