- Rukn: Sheʼrlar
- 974 marta ko‘rilgan
“Ona yerning vaqti chogʻ...”
Qoʻqon arava
Qoʻqondagi muzeyda
Turar “Qoʻqon arava”.
Bir qarich ham jilmaydi,
Boʻlmang kutib ovora.
Tor koʻchani toʻldirib,
Bir vaqtlar yurgan u.
Yuk yetkazib manzilga,
Rosa davron surgan u.
Gʻildiragi tushovda,
Yulduz sanar shotisi,
Sogʻinsa ham yoshligin,
Kelmas sira ot isi...
Topqir chol
Mahallada bitta chol
Menga boqib jilmaydi.
Birinchi bor koʻrishim,
U yoniga imlaydi.
– Seni tanib turibman,
Nabirasan Omonga.
Kech boʻlganda soʻppayib,
Ketyapsan qay tomonga?
Javob berma, ol nokni,
Bilmasam ham otingni.
Yuz-koʻzlaring aytyapti
Kimligingni, zotingni.
Ona yer
Oʻsib-oʻsib, yildan yil
Bulutlarga yetar togʻ.
Qancha ogʻir boʻlmasin
Ona yerning vaqti chogʻ.
– Hali yosh, deb farzandim
Qoʻldan qoʻymas bir onga,
Tilab mangu omonlik
Boqar zangor osmonga.
Konizarlik bolalar
Konizarlik bolalar
Ochilgan gul-lolalar.
Sodda, sofdil, begʻubor
Shuning uchun omad yor.
Bekor yurmay koʻchada,
Sayoq yurmay kechada.
Qarashar uy ishiga
Oʻxshab yigit kishiga
Kiyimlari top-toza,
Elga manzur – ovoza.
Olmas oʻzin panaga
Ogʻriq berib tanaga.
Tilida “Siz”, “Salom” bor,
Qalbi toʻla gʻurur, or.
Kichiklarga himmatli,
Kattalarga qimmatli.
Osmon – olam tomidir,
Maktab – bilim konidir.
Charaqlagan oftobi –
Qoʻlidagi kitobi.
Mustaqil yurt erkasi,
Porloq boʻlsin ertasi.
Kamol topsin, yayrasin,
Bulbuldek zoʻr sayrasin.
Vali Ahmadjon