- Rukn: Sheʼrlar
- 1090 marta ko‘rilgan
“Quyoshim bor tongimda”
Men Vatanning ertasi
Bolaligim xuddi bol,
Menga hamroh baxt-iqbol.
Yoʻllarim chaman gulzor,
Bolaligim – poshsholigim,
Hur Vatanda borligim.
Har bir fanga tashnaman,
Koʻp hunarga oshnaman.
Koʻplab dovon oshaman,
Olgan bilmim ongimda,
Quyoshim bor tongimda.
Biz Vatanning yulduzi,
Ertasi – umid koʻzi.
Xizmat qilmoq baxt oʻzi,
Tilimizda shu orzu,
Dilimizda shu orzu.
Mashina haydadim
Mashinam bor ajoyib,
Tepkisini bossam, bas,
Yurib ketar gʻirillab,
Koʻrganlar qilar havas.
Oʻrtoqlarim ham haydar,
Toshbaqadek imillab.
Oshib ketib gʻayratim,
Men haydadim pirillab.
Chiqib qoldi oldimdan
Bir ariqcha shu zamon.
Taka-puka yuragim,
Toʻxtatishga yoʻq imkon.
Pachoq boʻldi mashinam,
Izza qilishdi biram.
Goh nooʻrin hayrat ham
Zarar ekan men bilsam.
Shoshqaloq
Bir bola bor alomat,
Lekin dangasa emas.
Ish buyursa onasi,
Sira-sira yoʻq demas.
Bir aybi bor – betoqat,
Juda-juda shoshqaloq.
Diqqat qilib gapingga,
Rosti solmaydi quloq.
Ona der: – Shoshma, bolam,
Oldin gapga quloq sol.
– Boʻldi, tushundim, – der-u,
Yugurib ketar darhol.
Zumda qaytar halloslab,
Hayron qilib onani.
– Oyi, nima dedingiz,
Olib kelay nimani?
Vahimachi doʻl
Tunukani chertib xoʻp,
Kesaklarni kertib xoʻp.
Vahimali doʻl yogʻar,
Shatir-shutir etib xoʻp.
Atrofga tun choʻkkanday,
Butun borliq boʻkkanday.
Tarnovlarda suv oqar
Chelaklab suv toʻkkanday.
Doʻl rosa “duv-duv” qildi,
Qushlar unga duv boʻldi.
Vahimachi holin koʻr,
Zumda erib suv boʻldi.
Habib Rahmat