- Rukn: Sheʼrlar
- 12955 marta ko‘rilgan
Bolalarga bering dunyoni
Bolalikning bagʻri keng, toza,
Oʻynab-kulsa qanday zoʻr, soz-a.
Soydek joʻshib koʻnglin xoʻp yoza,
Jilovlasin ikki daryoni,
Bolalarga bering dunyoni.
Pur hikmatni oʻrganar sizdan,
Odati shu – yuradi izdan.
Goho kuchli, zehnli bizdan,
Tanib olsin ilm-u ziyoni,
Bolalarga bering dunyoni.
Moʻjizalar qilmoqqa qodir,
Oʻzbek oʻgʻli – bolajon botir,
Yuragida polvonlar yotur,
Maʼrifatdan qurgay binoni,
Bolalarga bering dunyoni.
Yarashadi shirintoyligi,
Begʻuborlik uning boyligi,
Shoʻxliklari gul chiroyligi,
Shodga ulab yer-u samoni,
Bolalarga bering dunyoni.
Oymomodan tushgan kulchalar,
Yertandirda pishgan kulchalar.
Vatan uchun aziz shunchalar,
Dunyo qadar kengdir imkoni,
Bolalarga bering dunyoni.
Ashurali BOYMUROD