- Rukn: Sheʼrlar
- 1440 marta ko‘rilgan
“Tabiat uygʻonar asta jilmayib...”
Fasllar kelinchagi
Fasllar chiroyin qilar namoyish:
Oppoq qorga belar tevarakni qish.
Yoz dasturxon yozar neʼmatlar qoʻyib,
Dimoqqa xush yoqar mevalar boʻyi.
Kuzning oltin rangi biram ajoyib,
Tabiat rang ila ketgusi boyib.
Quyosh issigʻida lab yorar koʻsak,
Paxta qolishmas hech oqlikka kelsak.
Har bitta fasl bu olam bezagi,
Lekin koʻklam – fasllar kelinchagi.
Sepini yoyadi qilib poyondoz,
Bahorning koʻrki shu – oh qandayin soz.
Suvlarning mavjidir asli bebaho,
Atrofga rang berar jilmayib bahor!
Bahor tarovati
Tabiat uygʻonar asta jilmayib,
Yashil gilamini yoyib ohista.
Kurtaklar yuz ochar shamol tekkanda,
Maysalar tovlanar yoqimli tusda.
Dillar xoʻp yayraydi – xayol surasan,
Ortda qolib ketmish qishning sovugʻi.
Chiroyli tovushlar tabiatga mos,
Har neda aks etar koʻklamning tugʻi.
Bir ajib tarovat dillarga koʻchar,
Yashillik nafasin ufurar koʻcha.
Dono QURONBOYEVA,
Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumanidagi
44-maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi