- Rukn: Sheʼrlar
- 4780 marta ko‘rilgan
Bahromning hikoyasi
Elimizning ardoqli ijodkori, Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon olamdan oʻtdi. Ijodining katta qismini bolalar adabiyotining rivojiga bagʻishlagan shoirning oʻnlab sheʼr va hikoyalari siz oʻquvchilarga yaxshi tanish. Anvar aka “Gulxan” bilan hamisha birga boʻldilar. Eng yangi asarlarini jurnal oʻquvchilariga taqdim etdilar. “Gulxan”ning muxlislari xuddi avvalgidek yuz minglab boʻlishini istadilar. Qaysi davra yoki uchrashuvda boʻlsalar ham bolalar nashrlari haqida iliq fikrlar bildirib, ularni targʻib qilishdan charchamadilar. Anvar Obidjon sheʼrlari hali yana oʻnlab avlodni tarbiyalashiga ishonamiz. Chunki Anvar aka bolalar dunyosini, ular qalbini juda tushunar, dunyoni bola nigohi bilan kuzata bilar edilar. Ustozning yorqin xotirasi qalbimizda saqlanadi.
Quyida suyukli shoirimizning yengil yumorga yoʻgʻrilgan sheʼriy hikoyasini sizlarga taqdim etmoqdamiz.
Bahromning hikoyasi
Zoʻr tovugʻim bor edi,
Semiz va sergap.
“Yapaloq” deb men unga
Qoʻygandim laqab.
Tuxum tugʻib berardi
Har kuni oppoq,
Shu tufayli u bilan
Yashardik inoq.
Ammo soʻnggi paytda u
Boʻpqoldi ayyor.
Tuxum desang, yuz burar,
Don sochsang – tayyor.
“Dangasa!” deb kecha sal
Qilgan edim doʻq,
Bugun koʻrsam katakda –
Tovuqqinam yoʻq.
“Yapaloq”ni qidirdim,
Chaqirdim rosa.
Nahotki u arazlab
Ketvorgan boʻlsa?
Katagida qolibdi
Faqat bitta pat
Va oydinda yozilgan
Aji-buji xat:
“Menga juda mehribon,
Shirinsoʻz eding.
Doim suyib, erkalab,
Tuxumim yerding.
Seni doʻst deb yurardim,
Tushundim bugun –
Faqat oshno ekansan
Quymoqlar uchun.
Tuxumni ham berardim,
Kutmading picha.
Qoʻpol soʻylab ayniqsa,
Ranjitding kecha.
Garchi sendan ayrilmoq
Boʻlsa ham ogʻir,
Qaror qildim bosh olib
Ketmoqqa oxir.
Chunki doʻst deb yurgani
Taʼmagir chiqsa,
Hatto oddiy tovuq ham
Oʻksinarkan ja...
Endi boshqa joylarda
Solaman dovrugʻ.
Seni eslab yurguchi:
“Yapaloq” tovuq.
...Mendan bitta iltimos,
Bolalar sizga.
“Yapaloq”ni koʻrsangiz,
Qaytaring tezda.
Qaytsa chin doʻst boʻlardim,
Soʻzlardim sizlab.
Kechirim ham soʻrardim
Patlarin silab.
Anvar Obidjon