- Rukn: Sheʼrlar
- 1597 marta ko‘rilgan
Sheʼrlarda shoirning yuragi, shoirlar hech qachon oʻlmaydi
Mitti oʻrdakcha
Inkubatordan kecha
Chiqdi mitti oʻrdakcha.
Qurbaqadan u mitti
Oyisin soʻrab ketdi.
Keyin bordi ariga.
Ari quvdi nariga.
Koʻrib qolib qargʻani,
Soʻradi: – Oyim qani?
Keyin chumchuqni koʻrar,
Oyim qani, deb soʻrar.
Uchratib bir laychani
Soʻradi: – Oyim qani?
Xoʻtikka borib tunda
Oyisin soʻrar undan.
Yoʻlda mushukni koʻrdi.
U, yeyman deb yugurdi.
Kelib qoldi-yu Gʻani
Qutqardi oʻrdakchani.
Oʻrdak gʻagʻillar doim
Qanilar mening oyim?.
Ilyos Muslim
Tong otdi
Tong otdimi, turish kerak,
Koʻp uxlama.
Onang: “Turgin bolam”, desa,
Sen “UH”lama.
Maktab vaqting yaqin qolar,
Yuvin turib.
Tokay endi onang seni
Yuvintirib,
Qoʻl-oyogʻi yoʻq boladay
Kiyintirsin?
Uyqung doim uygʻoqlikdan
Keyin tursin.
Tolib Yoʻldosh
Qovoqari
Qovoqari
Uzum yer.
Undan bezor
Bogʻbon, el.
Sara boshni
Iritar.
Gʻujumlarni
Chiritar...
Mehnatni
Xayol qilmas.
Tekintomoq
Bol bermas.
Hamidulla Yoqubov
Diyoraning dugonasi
“Gulxan” uning dugonasi,
Ular birga Navoiyxon.
Uning shirin hamxonasi,
Orzulari olam jahon.
Gohi ertak olib kelar –
Orasidan oʻtmaydi qil.
Gohi choʻpchak olib kelar,
Gohi naql, gohi aql.
Gohi qoʻshiq olib kelar,
Hangomalar, jangnomalar.
Hordigʻiga qoʻshar hordiq,
Idrokiga idrok tagʻin.
Biri shahd-u biri shakar
Baxtlarining yoʻq sanogʻi.
Har oyda bir yoʻqlaydi u
Diyorani apoq-chapoq.
Ular shunday dilbar totuv,
Ular shunday asl oʻrtoq...
Turob Toʻla
Sirli qumlar
Tuproq hamon sir saqlar:
Kun botar-u tong otar.
Bir xumchaning ichida
Devlar yashrinib yotar.
Gʻorlar hamon sir saqlar:
Sirli oʻra ichida –
Sopol, naqshin xumchada
Jinlar bazmi avjida.
Oʻsha dahshatli xumni
Qaroqchilar izlashar.
Qora tunda oʻgʻrilar
Topa olmay boʻzlashar.
Ayting, nima boʻladi,
Devlar chiqsa ochiqqan?
Ayting, nima boʻladi,
Jinlar chiqsa ochiqqan?
Buni oson hal qilar
Kitob oʻqigan bola.
Xumdagi oltinlarni
Bir kuni topib olar.
Bu bolaning ilmidan
Jin, devlar qochib ketar.
Ona xalqning boshiga
Tillalar sochib ketar.
Qambar Ota
Yoz
Koʻkning koʻngli ochilib,
Koʻz yoshi tinib qoldi.
Qizgʻaldoqning qirmizi
Kosasi sinib qoldi.
Endi quyosh barchani
Bir mehrda suyadi.
Yalang oyoq yursang gar
Oyoqlaring kuyadi.
Shippagi yoʻq shamol-chi,
Darrov yoʻlin topadi:
Oyogʻin qoʻlga olib,
Tutqich bermay chopadi.
Manzara
Osmon tunda arazlab,
Koʻl-koʻlob yosh toʻkibdi.
Qorongʻida qoqilib,
Koʻz yoshiga choʻkibdi.
Ishonmasang qara, chiq,
Har yon koʻl qator-qator.
Har birining tubida
Osmonlar choʻkib yotar.
Ravshan Fayz