- Rukn: Sheʼrlar
- 2066 marta ko‘rilgan
Uch ogʻayni botirlar
Uch ogʻayni botirlar
Yevropada yoturlar.
Oftob oʻgʻlin koʻtarib
Yurmagan bahodirlar.
Sattorquli sardori,
Sotvoldisi shunqori,
Sobiri beozori...
Oftob bilmas qaylarda
Uch oʻgʻilning mozori.
Ularni tilab-tilab
Olgan edi Oftobi,
Qirgʻin jangga kuzatib
Qolgan edi Oftobi,
Bir qoʻyniga uchta non
Solgan edi Oftobi.
O, uch oʻgʻil azobi,
O, uch oʻgʻil azobi!
Uch ogʻayni botirlar,
Bilmam qayda yoturlar.
Oftob oʻgʻlin koʻtarib
Yurmagan bahodirlar...
Uch ogʻayni akam bor:
Birin oti – Jasorat,
Birin oti – Shijoat,
Birin oti – Matonat...
Muhammad Yusuf