- Rukn: Sheʼrlar
- 1516 marta ko‘rilgan
Oʻzbegim farzandlari
Oʻsaver, Oʻzbekning asl farzandi,
Purviqor togʻlarga tenglashsin boʻying.
Sozingni qoʻlingdan tushirma zinhor,
Dunyolarni tutsin dilrabo kuying.
Sen qalblar mashʼali, umid chirogʻi,
Bogʻlarda sayragan xandon bulbulsan.
Ertangi kunimiz ishonch chirogʻi,
Chamanda ochilgan bezavol gulsan.
Sen baxtli avlodsan, toza naslsan,
Sen yurt sharafisan, sen elning shoni.
Joʻshib oqayotir tomirlaringda
Ulugʻ siymolarning muqaddas qoni.
Qadamlar qoʻyibsan kelajak sari,
Hali qancha-qancha davron surarsan.
Ezgulik yoʻliga poyandoz toʻshab,
Dunyoni manguga bezab yurarsan.
Oʻsaver, elimning asl farzandi...
Xurram Raimov