- Rukn: Sheʼrlar
- 1176 marta ko‘rilgan
Dala-qirlarga chiroy baxsh etgan senmi?
Muzqaymoqqa bitik
Bunchalar lazzatlisan,
Muzday boʻlsang ham.
Toychoqday irgʻishlaymiz
Seni koʻrgan dam.
Hammaga zavq ulashish –
Maqsading tayin.
Kelaqol, peshonangdan
Oʻpib qoʻyayin.
Tilla qoshiqqa bitik
Dimogʻdorsan atrofga
Sal munday qaramaysan,
Oʻzingni koʻz-koʻzlashdan
Boshqaga yaramaysan.
Qora qozon va kapkir
Darrov tushadi ishga.
Sen-chi yetib kelasan
Faqat ovqat pishishga.
Shamolga bitik
Qasd qilganday doʻppimni
Uchirib ketay, deding.
Hatto tomni koʻtarib,
Koʻchirib ketay, deding.
Yaraqlatding hovlini,
Qolmadi xazon-xasi.
I-ya, qaytadan sochib
Tashlaganing nimasi?!
Momoqaymoqqa bitik
Dala-qirlarga chiroy
Baxsh etgan senmi?
Goʻzallikni olamga
Naqsh etgan senmi?
Koʻkdan termulib quyosh
Zavqlanar, kular.
Shamol esa sochingni
Bittalab yular.
Oʻzi esa...
Eh, kuchukchang zoʻr ekan,
Har narsani biladi.
Likillatib dumini
Aytganingni qiladi.
Yugur, desang yugurar,
Toʻsiqlardan oshadi.
Begonaga qoʻl berib
Hatto salomlashadi.
– Kuchukcham odobli, – deb,
Orif xursand jilmaydi.
Oʻzi kattalar bilan
Soʻrashishni bilmaydi.
Neʼmat Dushayev