- Rukn: Sheʼrlar
- 1993 marta ko‘rilgan
“Oh, naqadar go‘zalsan...”
Favvora
Favvora, hoy favvora,
Orzusiga yetgan suv.
Kelib katta shaharga,
Ko‘kka parvoz etgan suv.
Zarrin quyosh nurida
Kamalakdek tovlanding.
Hammaning ko‘z o‘ngida
Tovus kabi sollanding.
Tenglasholmas toshqin soy
Shijoatda, g‘ayratda.
Shu sababmi, hoynahoy,
Qarashadi hayratda.
Oh, naqadar go‘zalsan,
Hamma shoshar ko‘makka.
Otilaver, to‘xtasang,
Aylanasan ko‘lmakka.
Mazza qildik
Ukam bilan to‘yib-to‘yib,
Kalla tashlab suzishdik.
G‘avvoslardek quloch yoyib,
Dumalashib o‘zishdik.
Hayron qolmang, bilmasding deb,
Na sho‘ng‘ish, na suzishni.
Aka-uka xo‘p mashq qilib,
Qoyillatdik bu ishni.
Yangi uyga ko‘chgan kuni
Uyib tashlab o‘rtada,
Ukam bilan rosa to‘yib,
Cho‘milishdik... ko‘rpada.
Tog‘da
Qoyadagi lolani
Ololmadik tirishib.
Go‘zallikka kuch bilan
Bo‘lmas ekan erishib.
Tirnaldi qo‘l-oyog‘im,
Azobini chekaman.
Ahd qildim: bahor chog‘i
O‘zim lola ekaman.
Mix
Qiyshaysa mix –
Mug‘ombir,
Ishga tushadi
Ombir.
Mix egilib,
Sug‘urilar.
Bolg‘a urib
To‘g‘irlar.
Tep-tekis qilar
Sixday.
Mix yana bo‘lar
Mixday.
Zag‘izg‘onning shikoyati
Odamlarning odati
O‘xshar qiziq jumboqqa:
Yaqin yo‘latishmaydi
O‘zim ekkan yong‘oqqa.
Xudoyberdi Komilov