Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Olamni angla, bolam!

Olamga mehr-la boq,

Ilm-urfon gulxanin yoq,

Bolalik chog‘ingdanoq,

Olamni angla, bolam!

 

Bil, nechun yog‘ar yomg‘ir,

Nechun yel esar g‘ir-g‘ir,

Ko‘pdir sinoat va sir,

Olamni angla, bolam!

 

Nechun chiqar-u quyosh,

Aylanar yer, oy-yo‘ldosh,

Bo‘lib kitobga sirdosh,

Olamni angla, bolam!

 

Dunyoda qancha cho‘l bor,

Qancha daryo-yu ko‘l bor?!

Senga oy tomon yo‘l bor,

Olamni angla, bolam!

 

Qayda Muz okeani,

Nedir qutb degani?

Bilgil yetti qit’ani,

Olamni angla, bolam!

 

Dunyoni ko‘rgin, bolam,

Bo‘l, mayli, sho‘x-sha’n, bolam,

Ona sayyoramizni –

Sev, asra, o‘rgan, bolam!

 

Zikrilla NE’MAT

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.