- Rukn: Sheʼrlar
- 14 marta ko‘rilgan
Onajon
Onajon!
Do‘st topmadim o‘zingdan o‘zga,
Xazon yanglig‘ tentidim dilgir.
Simlar torlik qilyapti so‘zga,
Qayga eltdi bu taqdir qurg‘ur.
Onajon!
Olg‘irlari serob dunyoda,
Mitti jonni asramoq og‘ir.
G‘am karvoni haddan ziyoda,
Qalb sarhadi ezildi – yag‘ir.
Onajon!
Ovozingni eltgan bu matoh,
Taftingni his ettira olmas.
Oftob yanglig‘ har kuni choshgoh,
Quchsam seni armonim qolmas.
Dilafro‘z CHORIYEVA