- Rukn: Sheʼrlar
- 23 marta ko‘rilgan
Yalpiz haqida kim qanday yozadi?

Yalpiz qismati
– “Erta bahor chog‘ida,
Chiqdim xushbo‘y hid bilan.
Bahoroyning bog‘ida,
Bezak bo‘ldim did bilan.
Odamlar meni terib,
Taomlarga solishar.
Rangimdan zavqlanishib,
Goho uzib olishar.
Yoz kelgach, bahor o‘tib,
Ketdi bo‘yim, chiroyim.
Ariq bo‘yida turib,
Xayol suraman doim.
Insonlar yoshligimda,
Qadrlashib sevdilar.
“Bizga keraksan juda,
Dorivorsan”, — dedilar.
O‘ksinib taqdiridan,
Yalpiz qilarkan nola.
Bir mahal qaysi yerdan,
Kelib qoldi bir bola.
– “Salom senga, yalpizjon,
Bizga juda zarursan.
Turshaklarni hamisha,
Qurtlardan qutqarursan”.
Deb bola o‘roq bilan,
Yalpizni o‘rib oldi.
Ne uchun o‘rilganin,
Yalpiz ham bilib oldi.
Oxirgi nafasda ham,
O‘zini qurbon qilib,
Yalpiz baxtiyor bu dam,
Insonga naf keltirib!
Abdulla PO‘LATOV
* * *
Oq tonglar, oq ranglar bag‘rida,
Qishlog‘im ko‘zimdan o‘tadi.
Dimoqni yorguday bezavol,
Anqiydi yalpizning ko‘kati.
Maysalar hidiga ko‘milib,
Sayhonlik qo‘ynida yotsammi,
Ajabo, yer bilan osmonni
Yalpizlar, yalpizlar bosganmi?!
Xurshid DAVRON
* * *
Onam ishdan qaytdilar,
Yalpiz ter, deb aytdilar.
Anhor bo‘yiga chopdim,
Bir chelak yalpiz topdim.
Sizga aytsam chin so‘zim,
Terganim yo‘q bir o‘zim.
Rahmat aytdim Boqiga,
Qoyil, dedim Soqiga.
Yalpiz solsa qurt tushmas
Olma-o‘rik qoqiga...
Tursunboy ADASHBOYEV
* * *
Tong otar choq yalpizlar uzra
Do‘nib qolgan marvarid shabnam.
Lo‘li qizning ko‘z yoshimikin?
Azal shunday bu rangin olam.
Yalpizlarning iforli isi,
Bor kadarni yengmoqqa shaydir.
Sakro-Monto* cho‘qqilarida
Balki shunday giyoh yashaydir.
Ajablangan hatto Lorka** ham
Qiyossiz bu rangin olamdan.
Shavkat RAHMON
* Sakro-Monto — Ispaniyadagi tog‘ning nomi.
** Garsia Lorka — buyuk ispan shoiri
* * *
Chol qopini qo‘ltiqlab asta,
Tog‘ yo‘lidan tushadi pastga.
Qushlar cholni olqishlab, sayrab
Nasibasin terishar yayrab.
Yengil nafas oladi bobo,
Asta o‘ylab qoladi bobo.
Xayolidan o‘tadi bir-bir:
Dekchaga o‘t qalagan kampir,
Yalpiz solgan qaynatma sho‘rva
Va shiftdagi to‘qochli to‘rva...
Shukur QURBON
***
Uch-to‘rt bola daladan
Qo‘shiq aytib qaytadir.
Yo boychechak, yo binafsha
G‘uncha ochgan qaydadir.
Binafshami?! Yo‘q, og‘ayni,
Dimoq yorgay bir atir.
Bu yalpizdir, ba’zi yerda
“Hulva”* deya aytadir.
Uni izlab ariqlardan
Hatlab-hatlab chopamiz.
So‘ng yalpizli chuchmomani
Ulashadi opamiz...
Muhammad RAHMON
* Hulva — Andijon, O‘sh tomonlarda yalpizni shunday ham atashadi.
Har bahor
Har bahor onam bilan
Dalalarga chiqardim.
Ariqlarning bo‘yidan,
Rosa yalpiz yig‘ardim.
Unga qo‘shib jag‘-jag‘-u,
Uzardik ko‘p ismaloq.
Onam somsa yopardilar,
Uchburchak yo dumaloq.
Oh, go‘zal onlar edi,
Yalpiz bo‘yli xush damlar.
Bolalikning isi qolgan
Sog‘inganim xush ta’mlar.
Zahro HASANOVA