Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xush kelding, Navro‘zim!

Navro‘zim – rizq-ro‘zim, tarixim mening,

Sen boshimga qo‘ygan ikkita nonim.

Bobomning fe’liday keng dalalarga,

Erta sahar turib sochilgan donim.

 

Noming mingyillikmi, shoning mingyillik,

Tog‘larim, bu haqda afsonalar ayt!

Sen Urgutning bobo chinorlarining,

Shoxida sarg‘ayib qolgan ikki bayt.

 

Sen jilg‘a tilida aytilgan qo‘shiq,

Yana kirding xalqim yuraklariga.

Birgina menimas, barcha-barchani

Yetkazgan o‘zingsan tilaklariga.

 

Yana seni ko‘rdim, ko‘rkamsan g‘oyat,

Ajamning o‘ziday qadimiy, mag‘rur.

Navro‘zim, qaragin, olam sahnida

O‘zbekiston degan bog‘ yashnab turar.

 

Dildagi orzuni ushaltirguvchi,

Bog‘bonlari dono, oqil bu bog‘ning.

Ming bora aylanib, ming bor o‘rgilib,

Sadag‘asi ketsang arzir bu chog‘ning.

 

Shalola misoli quyilar tuyg‘u,

She’rlarim ulanib borar dostonga.

Yuragim, ko‘zlarim va jonim bo‘lgan,

Navro‘zim, xush kelding O‘zbekistonga!

 

Dilorom ISMOILOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.