- Rukn: Sheʼrlar
- 567 marta ko‘rilgan
Oqqush qayg‘usi
Kimsasiz sovuq bog‘da,
Muzparchalar har yoqda.
Qishlar bir o‘zi oqqush,
O, bechora boyaqish.
Qanotlari singandir,
Balki, shikastlangandir?
Eh, qanday bu ko‘rgilik,
Nahot, ucholmas sho‘rlik?
Turibman qush oldida,
Ne qilsin shu holida?
Bilaman oilasin,
Ko‘rganman qushlar valsin.
Suzardi doim mag‘rur,
Nima jin urdi qurg‘ur!
Barcha oqqushlar bir kun,
Uchib o‘tishdi erkin.
Kimsasiz sovuq bog‘da,
Muzparchalar har yoqda.
Hovuzda qoldi essiz,
Oqqush bir o‘zi yolg‘iz.
Uni o‘ylayman hamon,
Chopaman hovuz tomon.
Tasavvurda bir nafas
His qildim: men bu – menmas.
Go‘yo qushman – oqqushman,
Boshdan oyoq oqishman.
Oppoqman misli qorday,
Qanotlarim ham borday.
Bilgancha bo‘ynim cho‘zib,
Boryapman olg‘a suzib.
Sen suvda, men qirg‘oqda,
Suzyapmiz ayni chog‘da.
Qo‘llarimni qanotday
Yoydim, ko‘mak, najotday.
Afsus, tegmadi nafi,
Kamaygani yo‘q xavfi.
Kimsasiz sovuq bog‘da,
Muzparchalar har yoqda.
Tanho, bir o‘zi oqqush,
Qishlar sho‘rlik, boyaqish.
Agniya Barto
Rus tilidan Ravshan ISOQOV
tarjimasi