- Rukn: Sheʼrlar
- 28 marta ko‘rilgan
Osmon qizi
Men osmon qiziman, yerda tug‘ilgan,
Sochlarim o‘radi erkalab quyosh.
Shabboda sirdoshim har kech men bilan,
Yomg‘irlar ko‘zimda ko‘rsatmaydi yosh.
Men osmon qiziman, yerda tug‘ilgan,
Olovdan taftliroq mening yuragim.
Nigohim chaqmoqni qoldirar ortda,
Butun borliqqa bor asli keragim!
Men osmon qiziman, yerda tug‘ilgan,
Ko‘zlarimga hasad qilar yulduzlar.
Qadamda tovonim o‘padi tuproq,
Ruxsorimga oshiq yorug‘ kunduzlar.
Men osmon qiziman, yerda tug‘ilgan,
Baxt-u quvonchlarim bulutday oppoq.
Shodligim tog‘larcha kelgani bilan
G‘azabim vulqondan asli kuchliroq!
Men osmon qiziman, yerda tug‘ilgan,
Niyatim uningdek xolis, beg‘ubor.
Osmon ham biladi, yerning bag‘rida,
Baxtlar qurshovida erka bir qiz bor.
Shahlo SAFAROVA,
Erkin Vohidov nomidagi
ijod maktabi, 10-sinf