- Rukn: Sheʼrlar
- 37 marta ko‘rilgan
Tog‘ manzarasi
Go‘yo ko‘kka ustun tog‘,
Kiygan suvsar, oq qalpoq.
Cho‘qqilari o‘rkachdek,
Tosh gavdasi keng, yalpoq.
Ko‘ksin bezar alvon gul,
Kiftin archa – to‘nlari.
Sho‘x qo‘shiqlar aytadi
Shalola – fontanlari.
Har harsangi ming botmon,
O‘rtasida nil hovuz.
Butalarning tagiga
In qo‘yishgan g‘oz, tovus.
O‘tzorlarda chiyovlar
Qirg‘ovul-u tustovuq.
Ba’zan quyosh yilt etar,
Ba’zan tushar tez sovuq.
Chodir – uyni ivitib,
Savalaydi sel, jala,
Hurkib kiyik, jayronlar
Qochishar gala-gala.
Qudrat HIKMAT