- Rukn: Sheʼrlar
- 218 marta ko‘rilgan
O‘yin
Uka!
To‘pponchangni irg‘itib yubor,
“Urush-urush” o‘ynama endi.
Va miltiqlar chiqmasa takror,
Urush nima bilmasang edi.
Singlim!
“Doktor-doktor’’ o‘ynama aslo,
Qayta qolgin, endi bu shashtdan.
Qo‘lingdagi qo‘g‘irchog‘ing ham
Charchadi-ku, bemor yashashdan.
“Xola-xola” ukamizga yot,
“Hakkala”ni suymaydi fe’ling.
Butun dunyo sog‘ingan o‘yin —
“Mehmon-mehmon” o‘ynaymiz, keling.
Ruxshona NISHONOVA,
Farg‘ona viloyati