- Rukn: Sheʼrlar
- 2694 marta ko‘rilgan
O‘zbekiston
Chayqalib yotibdi nurli bir chaman,
Oy bilan oftobning buyuk vatani.
Tong kabi jilmayib baxti ochilgan
Maysaga ko‘milgan nurli maskani.
Osmon posbonidir bunda burgutlar,
Chumchuq chug‘uridan teshiladi tom.
Bu o‘lka ko‘ksida yonar bulutlar,
Chinor shoxlariga qo‘nganida shom.
Ne-ne daryolar bor, yugurib-yelib,
Ummonda qolarlar bir umr yaxlab.
Bu chaman bag‘riga daryolar kelib,
Zaminga singarlar g‘o‘zaday shoxlab.
Quyoshdek tiniqdir bu elda osmon
Shaftoli shoxlari qayrilgan onda.
Naqsh olma yuziga yugurganda qon
Oftob ham osilib tolar armonda.
Bu elning qadimiy har qo‘shig‘ida
Bejiz oltin deya atalmas tuproq.
Simyog‘ochga qo‘ngan qush tumshug‘ida
Tilladay nurlanib turibdi boshoq.
Chayqalib yotibdi nurli bir chaman,
Yulduzday sochilib olamga shoni.
Fidoyi o‘g‘ilman, yonib o‘paman
Olam ostonasi – O‘zbekistonni.
Tilak Jo‘ra