- Rukn: Sheʼrlar
- 9233 marta ko‘rilgan
Bolalik – poshsholigim
Buloq
Yerdan qaynab chiqar buloq,
Qaynar buloq, qaynar buloq.
Olib qochib xayolimni,
Mening bilan o‘ynar buloq.
Kaftlarimga qo‘nar tinib,
Kiprigimga olar minib.
Yerdan chiqib yana yerga,
Nega qayta ketar singib?
Poyezd
Poyezd borar, oldida
Pishqiradi bug‘ shovvoz.
Sahro, cho‘l, tog‘, darada
Tortgancha na’ra ovoz.
Bildirib borligini,
Mardona olg‘a yelar.
O‘ng-u so‘lga chalg‘imay
Bir yo‘ldan borib-kelar.
Beminnat xalq ulovi,
Chopib yurar yo‘lida.
Ko‘ngli to‘qki, jilovi
Odamzodning qo‘lida.
Bolaligim – poshsholigim
Sizga she’r, bolalarim,
Yozib qo‘yay dedim-da.
Nega desangiz, men ham
Sizday bo‘lgan edim-da.
Yashar edim qishloqda,
Kun chiqarda tog‘ edi.
Suv ichardik buloqdan,
Hovli katta bog‘ edi.
Qir-adir edi gulzor
So‘lim bahor chog‘ida.
Berib gullarga ozor
Sel kelardi gohida.
Xushbo‘y giyoh hididan,
Sayrashidan qushlarning,
Jonzotlarni izidan
Tanib, dilni xushlardim.
Bolalik – poshsholigim,
Ko‘z oldimdan ketmaydi.
Hayotga oshnoligim,
Bolalikka yetmaydi.
Koptok
Koptok, mana ko‘rasan,
Mashhur bo‘lib ketamiz.
Eng ilg‘or raqibni ham
Besh-u nolga yutamiz.
Yumalayver, ko‘ngil to‘q,
Qo‘nib o‘tamiz oyga.
Aylanaver tengi yo‘q
“Koptok” degan chiroyga.
Niyatim bor, ortingdan
Shon-u sharafga to‘ysam.
To‘xtab qolsang gohida
Ranjima, tepib qo‘ysam.
Ayubxon Muhammadiy