- Rukn: Sheʼrlar
- 2955 marta ko‘rilgan
Ta’rifi doston elim
(Mustaqilligimizning 25 yilligiga)
Dunyo kezdim, ko‘p zamon,
Sendek chaman topmadim.
Jannatga qiyos ko‘rking,
Biror maskan topmadim.
Tuprog‘ing oltinga teng,
Obu hayot bulog‘ing.
Boqsam hu Tangri tog‘dan,
Kulib turar yanog‘ing.
Mudom mehribon elim,
O‘zbekiston, O‘zbegim.
Porloq quyosh taftiga
Tandirda noning pishgay.
Oyqizlar chiroyiga
Ko‘kdagi hilol tushgay.
Momo Havo zurriyodi,
Barchinoylar yurti bu.
Hayoli, latofatli
Shoiralar yurti bu.
Ta’rifi doston elim,
O‘zbekiston, O‘zbegim.
To‘rt qit’ami, to‘rt tomon,
Hilpiraydi bayrog‘ing.
Kelajakni yoritar,
Bugun yoqqan chirog‘ing.
Tumor bo‘lay bo‘yingga,
Yo‘lamasin biror kas.
Istiqlol shamolidan,
To‘yib olaylik nafas.
Ko‘ksi ham osmon elim,
O‘zbekiston, O‘zbegim.
Bobom qo‘li duoda:
– Shukr, – der bu kunlarga.
Yulduzlar charaqladi,
Qop-qorong‘i tunlarda.
Ozodlik – ulug‘ ne’mat,
Onam aytar, o‘g‘lonim.
Yorug‘ manzillar tomon
Yetaklaydi sarbonim.
Ertang nurafshon elim.
O‘zbekiston, O‘zbegim.
Yigirma besh yil mana,
Gullab borar Vatanim.
Barchani ezgulikka,
Yo‘llab borar Vatanim.
Ey, qalamim, to‘xtama,
Yozaver yurt shonini.
Olam uzra yoyaver,
Hur, muqaddas nomini.
Boqiy bolajon elim,
O‘zbekiston, O‘zbegim.
Soyib Mirzo