Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

O‘zbekiston, sen azizsan hammadan

Oftoblari o‘z taftini bildirar,

Yoz-u kuzi dasturxonni to‘ldirar.

Tug‘ilganman shu yurt – O‘zbekistonda,

G‘ururimdan mening boshim osmonda.

Ibn Sino, Navoiy-u Ulug‘bek,

Amir Temur, shoh va shoir Boburdek

Siymolari tillardagi dostonim,

Bular bari – mening O‘zbekistonim!

Gumbazlarning uchin yoritar quyosh,

Shohi Zinda, Chor Bakir-u Ko‘kaldosh,

Labi Hovuz, Ichan qal’a va Sherdor,

Registon-u Xastimom hamda Minor,

Samarqand-u Buxoro misli quyosh,

Xiva, Kesh-u Shahrisabz hamda Shosh

Ko‘hna tarixni so‘zlatgan zabonim –

Bular bari – mening O‘zbekistonim!

Xil-xil meva, bozori-yu rastasi,

Chamanzorda gullarning guldastasi,

Qumlog‘i-yu, vohasi-yu, vodiysi,

O‘t-o‘lanning hattoki eng oddiysi,

Zilol suvlar, tabiat xush havosi,

Shabada-yu, ariqlarning navosi,

Bular bari yurakdagi darmonim,

Bular bari – mening O‘zbekistonim!

Tog‘lar, ko‘llar, daryolar-u dalalar,

Navro‘zlari, otchopar-u yallalar,

Nay, sibizg‘a, dutorlarning kuylari,

O‘zbek qilgan beshik, o‘g‘il to‘ylari,

Zebigardon, tillaqosh-u baldog‘i,

Askiyasi, samovar-u ulog‘i,

Qadriyatlar o‘zligim – namoyonim,

Bular bari – mening O‘zbekistonim!

Peshtoqlarda inin qurgan qaldirg‘och,

Lazgisi-yu Tanovar-u Dilxiroj,

Ko‘kni quchgan “daka”, “quroq” varraklar,

Saxiy elni izlab kelgan laylaklar.

Kulollari, zardo‘zlar-u dorbozlar,

Hofizlari, san’atkor-u raqqoslar,

San’at bilan oshufta gul makonim,

Bular bari – mening O‘zbekistonim!

So‘zanani ko‘rgach qilgan havaslar,

Qizlar kiygan do‘ppi, shohi atlaslar,

Patir, tandir, palovi-yu shirmoy non,

Ajib bir xalq mehmonnavoz, bolajon.

Beg‘ubor ko‘k, xotirjam tun-saharlar,

Yangi yo‘llar, go‘zallashgan shaharlar,

Har sohada yuksalishlar, imkonim,

Bular bari – mening O‘zbekistonim!

O‘z yurtiga eng fidoyi insonlar,

Mahallalar – ahillikka qo‘rg‘onlar,

Tanlovlarda erishgan ko‘p g‘alaba

Ustozlari, o‘quvchi-yu talaba,

Kurashlarda bel bukmagan polvonlar

Bokschi, shaxmatchi, futbolchi o‘g‘lonlar.

Yulduzlarga olib chiqqan narvonim,

Bular bari – mening O‘zbekistonim!

Ajdodlardan qolgan menga bu Vatan,

O‘zbekiston, Sen azizsan hammadan!

 

Kavsar TURDIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.