- Rukn: Sheʼrlar
- 2881 marta ko‘rilgan
Sayohatchi oymomo
Tun chirog‘i oymomo,
Go‘yo ko‘rgandek kino.
Yerni qilar tomosha,
Bog‘lar osha, qir osha.
Chigirtka chalar g‘ijjak,
Notada xato bordek.
Tun qushi – ko‘rshapalak,
Ko‘rgandek go‘zal malak.
Oy tomonga uchadi,
Soya ko‘rsa qochadi.
Olmani ortib belga,
Kirpi tushibdi yo‘lga.
Qurullagan qurbaqa,
Balki qilgandir xafa?!
Suvda jimirlar shu’la,
Buloq aytar ashula:
“Oymomojon rom bo‘ldi,
Yulduz kulcha non bo‘ldi”.
Oyni debmi shirmoy non,
Daydi it yig‘lar chunon.
Bu ishing bo‘ldi chakki,
Deb ukki berdi dakki.
Gulzorda nomozshomgul,
Oyga mahliyo butkul.
Taratar xushbo‘y ifor,
Atrof sokin, yo‘q g‘ubor.
Oy quyoshga dugona,
Bir-biriga hamxona.
Demak, go‘zal mohitob,
Do‘stin qidirar shitob.
Bo‘g‘zigacha to‘lib suv,
Hovuz yotar pastda – huv.
Oy sayr qilar hamon,
Suzadi hovuz tomon.
Tiniq suv bo‘lib ko‘zgu,
Oymomo ko‘rdi o‘zni.
Dedi, ko‘kdagi gulman,
Yerga g‘amxo‘r singilman.
Tun ham behad chiroyli,
Men borligim tufayli!
Sayrdan mamnun bo‘lib,
O‘zidan ko‘ngli to‘lib,
Sekin yorisharkan tong,
Oy qaytdi uyi tomon.
Ergashdi Zuhro yulduz,
Olamga qoldi kunduz.
Muhabbat Hamidova