- Rukn: Sheʼrlar
- 1038 marta ko‘rilgan
“Parvoz zavqin tuyasan...”
Joʻjaxoʻrozning degani
Mening dadamdir xoʻroz,
U juda ham xushovoz.
Lekin biroz jahldor
Chunki masʼul ishi bor.
Borliqqa sochib jarang,
Qichqiradi erta tong.
Titratib togʻ-u toshni
Uygʻotadi quyoshni.
“Ushalmagan orzu”
Osmonlarda uchishni
Orzu qilgandi baliq.
Afsus uni “uchirgan”
Burgutga boʻldi oziq.
Tuyaqushga
Eh, azamat tuyaqush,
Yerda yurasan hanuz.
Nega qoqmaysan qanot,
Yoqmaydimi koinot?
Mitti boʻlsam ham qara,
Sayrgohim keng samo.
Bulutlar menga oʻrtoq,
Sen ham bir bor qanot qoq.
Parvoz zavqin tuyasan
Yugurishni qoʻyasan.
Maslahat
Garchi belimiz qilday,
Gʻayratimiz naq filday.
Yozda tinim bilmaymiz,
Qishda toʻyib uxlaymiz.
Doʻstim, qochma mehnatdan
Yashaysan farogʻatda.
Sheʼrlar muallifi
Muhabbat HAMIDOVA