Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Poklik bilan unib-oʻsdim”

Goʻzal diyor

Oʻzbekiston goʻzal diyor,

Saodatga mehnati yor.

Oʻzgacha bir hikmati bor.

Shoirlari, hofizlari –

Halollikka aytar alyor!

 

Shosh oʻziga berib oro,

Gulday boʻlib bora-bora,

Shuhrat yoydi jahon aro!

Samarqand-u ul Buxoro,

Ham Fargʻona dili moro!

 

Doim oqib pok terimiz,

Yashnayapti jon yerimiz.

Koʻz-koʻzlaydi goʻzalligin

Xiva, Jizzax, Qarshi, Termiz,

Bizlar mard-u maydon ermiz!

 

Andijon-u Namanganim –

Muhabbatda yongan tanim.

Mirzachoʻlim – Gulistonim

Kuch-qudratga toʻlgan onim,

Ular shaʼni mening shaʼnim!

 

Bizlar asli Temur qavmi,

Eʼzozlaymiz uning nomin.

Sipqorganmiz mardlik jomin.

Ey, oftobli Turonzamin,

Koʻz tegmasin senga, Omin!

 

Oliy doʻst

Bu dunyoda kitoblar koʻp,

Daʼvatlar-u xitoblar koʻp.

Hammasidan oliysi bor,

Qarashlarda xolisi bor,

Haqiqatning homiysi bor.

Ori bor-u nomusi bor –

Uning nomi asli Vijdon!

Chorlab turar vasli Vijdon

Sohibini har daqiqa!

Inson boʻlsa gar haqiqiy –

Vijdon sevgan kitobidir,

Yoʻllarining oftobidir!

Odam yuzi yorugʻligin,

Yoki dilning ogʻriqligi –

Doim shunga bogʻliq asli.

Nafsiga kim boʻlsa taslim –

Hech yaxshilik kutib boʻlmas,

Yaxshilarda vijdon oʻlmas!

Poklik bilan unib-oʻsdim,

Vijdonim – eng oliy doʻstim!

 

Sinib ketdi

Yomon soʻz – qattiq toshmi,

Koʻzdagi dardli yoshmi,

Egilib turgan boshmi,

Oʻlimga koʻz-u qoshmi?

 

Sezdingmi shuni oʻzing –

Temirdan qattiq boʻlib,

Oʻqdan ham ortiq boʻlib,

Kuydirdi ich-ichimni,

 

Pachaqladi kuchimni,

Koʻzlarim tinib ketdi.

Soʻzingdan sinib ketdi,

Oʻzidan tonib ketdi.

 

Senga boʻlgan buyuk mehr

Butunlay yonib ketdi.

Yomon soʻz otgan qahr

Qalbimni tilib ketdi.

Yoʻldosh Sulaymon

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.