Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Duduq momo

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Shuhrat medali sohibi Olloyor Begaliyev qutlugʻ 60 yoshini nishonlash arafasida. Uning ijodi va ish faoliyati bolalar nashrlari va adabiyoti bilan chambarchas bogʻliq. “Gulxan” jurnali va “Choʻlpon” nashriyotida (1988–1992) muharrir boʻlib ishlagan. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganidan soʻng Oʻzbekiston televideniyesida beriladigan yuzlab multfilmlarni rus tilidan oʻzbek tiliga oʻgirgan. Bolalar uchun yozilgan “Sehrli uyqu” adabiy ertaklar toʻplami 75 ming nusxada bosilgan. 1993-yilda Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqining Usmon Nosir nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

 

Duduq momo

Yolgʻiz edi Duduq momo,

Keng hovlida bir oʻzi.

Yolgʻizlikdan, keksalikdan

Xira tortgandi koʻzi.

Uzumlari qarovsiz ham

Shigʻil hosil qilardi.

Momo esa qoʻriqlashning

Zoʻr yoʻlini bilardi.

Bizdek bola-baqralarni

Hovlisiga chorlardi,

Biz kelganda xira koʻzi

Chiroqdayin porlardi.

To kechgacha ishkom osti

Bizga oʻyinjoy edi,

Yaqinlashmas biror chumchuq,

Darrov hoy-u hoy edi.

Yoz oʻtardi, kuz oʻtardi,

Qish kelardi qahrli.

Qoʻyni-qoʻnji qorga toʻla,

Ayozlari zahrli.

Ammo odat kanda boʻlmay,

Kelar edik qanchamiz.

Momo esa choʻgʻ solgancha

Gurlatardi tanchamiz.

Har kun erta-sahar bizni

Kutar edi momomiz,

Qoʻlimizga qand-u novvot

Tutar edi momomiz.

Bizni gapga solib qoʻyib,

Dardimizni bilardi,

Oramizda boʻlsa yetim,

Boshginasin silardi.

Onamizga aytolmagan

Sirni unga aytardik.

Xullas, pastak bu kulbadan

Katta boʻlib qaytardik.

...Qolib ketdi ortda yoshlik,

Momo ham yoʻq olamda.

Kecha oʻzim bola edim,

Bugun koʻnglim – bolamda.

Mahallada bolalar koʻp,

Turlik nashʼu naʼmosi.

Afsuski, bu bolalarning

Yoʻqdir Duduq momosi.

Ona ekan momo bizga,

Mayoqdayin porlagan,

Borimizni aylagan bol,

Yoʻgʻimizni borlagan!

Mahallaga ona ekan

Mushtdakkina boʻlsa ham!..

...Koʻrgim kelar goho uni

Tushdagina boʻlsa ham!!!

 

Oloyor Begaliyev

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.