- Rukn: Sheʼrlar
- 747 marta ko‘rilgan
“Tinchlik degan qoʻshiqni har yurakka joylayman...”
Surxondaryolik shoir Xurram Rayimov nomi sizga yaxshi tanish. Chunki Xurram bobo juda bolajon ijodkor. Shu bois aksariyat sheʼrlari bolalarga bagʻishlangan. Yaqinda “Tamaddun” nashriyotida ijodkorning “Meni shoir qilgan muhabbat” nomli yangi sheʼriy toʻplami chop etildi. Unda shoirning Vatanga boʻlgan iftixori, onaga boʻlgan mehri, bolalikka sadoqati oʻz aksini topgan.
Ushbu kitobning “Bolalarga bering dunyoni” deb nomlangan boʻlimida shoirning begʻubor bolalik olami aks etgan quvnoq, qiziqarli sheʼrlari jamlangan. Quyida yangi kitobdan joy olgan sheʼrlardan ayrimlarini eʼlon qilyapmiz.
Qilich va qalqonimiz
Mehnatda toblanamiz,
Hayotdan zavqlanamiz.
Kundan-kun yaxshi tomon
Burulib, shavqlanamiz.
Bizda hech kim chetdamas,
Nochor burchakda qolmas.
Baxtlilar birovlarning
Baxtiga chovut solmas.
Qoramas, oqlik bilan,
Oʻz va koʻz toʻqlik bilan.
Oʻtadi har onimiz,
Halollik, poklik bilan.
Qomusdir vijdonimiz,
Qonunlarda shaʼnimiz.
Erklimiz, huquqlimiz,
Yoʻq zinhor armonimiz.
Keng erur arkonimiz,
Uzundir arqonimiz.
Asragay balolardan,
Qilich va qalqonimiz.
Qizilishton
Kamzulchangga bir boq-chi,
Qizilmi u, yo oqmi?
Turfa rangga boʻyalgan,
Mayda-chuyda quroqmi?
Toʻq-toʻqlatib daraxtning,
Buncha tinchin buzasan.
Qarzing boʻlsa, ayt birdan,
Uni qachon uzasan?
Men kichik kashfiyotchi
Men – kichik kashfiyotchi,
Yutuqlarim bir talay.
Ular fanga kirmagan
Yangiliklar, harqalay.
Urush degan xatarning
Ildizin boltalayman.
Tinchlik degan qoʻshiqni,
Har yurakka joylayman.
Men qurgan hovlilarda
Aslo devor boʻlmaydi.
Yaxshi insonlar unda
Yuz yil totuv yashaydi.
Xurram Rayimov