- Rukn: Sheʼrlar
- 626 marta ko‘rilgan
Qargʻa uyaldi
Qargʻa bilan Musicha,
Suhbat qurishdi picha.
Qargʻa dedi, – doʻst, ishon,
Qornim och, ber, picha don.
Rahm qilib Musicha,
Qargʻaga berdi kulcha.
Kulchani yeb, qorni toʻq,
“Rahmat” ham degani yoʻq.
Tomogʻin qirib, uchdi,
Boshqa daraxtga koʻchdi.
Oʻtdi necha kun-u oy,
Yana keldi Qargʻavoy.
Dedi: – Qanday yuribsan,
Hanuz shoxda turibsan.
Loaqal biror oyga,
Bormadingmi hech joyga?!
Dunyo kezgin, aylangin,
Sen ham olamni koʻrgin.
Men-chi, qara ogʻayni,
Koʻrdim juda koʻp joyni...
Kezdim, sarguzasht qildim,
Butun olamni bildim.
Quvnadim – ketdi gʻussa,
Deya maqtandi rosa.
Gap soʻngida kulib der:
– Kulchang boʻlsa biroz ber...
– Toʻgʻri, – dedi Musicha, –
Sendek kezmayman koʻcha.
Mehnat qilib, ishlayman,
Halol nonni tishlayman.
Xulosa shu – gapdan qop
Yasama, ishlab non top...
Boʻlar oshing beminnat,
Hamda topasan hurmat.
Qargʻa sukutda qoldi,
Oʻz ishidan uyaldi.
Amin Qoʻysunov