- Rukn: Sheʼrlar
- 578 marta ko‘rilgan
Xotira maydonin kezgan bolajon
Xotira maydonin kezgan bolajon,
Unutma, bu yerda ruhlar bedordir.
Bu qutlugʻ maskanda Vatan deb oʻtgan
Ne-ne oʻgʻlonlarning nidosi bordir.
Boshin egib turgan ul Motamsaro –
Ona haykaliga nazar sol bir zum.
Hamon oʻz oʻgʻlini intizor kutgan
Ul buyuk siymoga aylagil taʼzim!
Jangohlardan kelgan shum “qoraxat”lar
Koʻplarning baxtini aylamish qaro.
Odamzod boshiga solmish ofatlar,
Urush deb atalgan ul mudhish balo.
Xotira maydonin kezgan bolajon,
Yovqur bobolaring yod ayla bir dam.
Ular gʻalaba deb, fido aylab jon,
Bayroq qadashgandir Reyxstagga ham.
Ul mashʼum urushga xulosa yasab,
Vatanga sodiqlik burchingni angla,
Murgʻak qalbing ila tinchlikni yoqlab,
Baxt-iqbol qoʻshigʻin kuyla baralla.
Zikrillo Neʼmat