- Rukn: Sheʼrlar
- 608 marta ko‘rilgan
Davron boboning nabiralari
Davron bobo kelmagandi,
Koʻpdan beri Toshkentga.
Qoʻsh nabira yetagida
Mehmon boʻldi boshkentga.
Hobil bilan Qobiljonning,
Metro edi ilinji.
Eskalator yerostiga
Olib tushdi birinchi.
Aka-uka hayron qoldi,
Metroda oʻzga olam.
– Bu Navoiy nomli bekat,
Xoʻsh qalay, Hobil bolam?
– Devorlarni kim bezagan? –
Qobil soʻraydi shoshib.
– Rassom Chingiz Axmarovning
Xizmatlari munosib.
– Bu-chi, Oybek nomli bekat,
Qarang qanday koʻrkamdir.
“Bunyodkor”-u “Tinchlik” soʻzin,
Bayroq qilgan oʻlkamdir.
Amir Temur muzeyini
Koʻrgach peshin chogʻida,
Keyin ular dam olishdi
“Gʻafur Gʻulom” bogʻida.
Bu gʻaroyib sayohatdan,
Koʻngillari yashnadi.
“Pop-korn” deb yozilgan soʻz,
Chol koʻnglini gʻashladi...
– Tilimizni qadrlashga
Farosat-ku yetarli.
“Qoʻgʻirmoch” yo “Bodroq” desak,
Asakamiz ketarmi?!
Tursunboy Adashboyev