- Rukn: Sheʼrlar
- 912 marta ko‘rilgan
“Shuning uchun men boyman!”
Vatan
– Senga bitta savol bor,
Menga quloq sol, hoy, qush.
Vayronada yashaysan,
Noming esa naq Boyqush,
Ayt-chi, nahot, sen boysan?
– Asl boylik neligin
Tushunmaysan, chamasi.
Bu vayrona boʻlsa ham,
Oʻzimniki hammasi,
Shuning uchun men boyman!
Yirtqich
Oyisiga ergashib,
Oʻynab kelgan Tulkicha,
Qoʻshni qari Boʻriga
Maqtanib qoldi picha:
– Ayiq katta boʻlarkan,
Hech koʻrmagan ekanman.
Boʻri dedi gerdayib:
– Men ayiqni yeganman!
– Koʻrdim xunuk hayvonni,
Qoʻpol-u, chopar “gʻiz-gʻiz”.
– Xix-xi, tishi uzunmi?
Yeb koʻrganman, u – Toʻngʻiz.
– Uchrab qoldi dalada
Shoxi uzun bir Taka...
– Be-e, u tayyor oʻlja-ku,
Taʼmin totganman, uka.
Traktor degan narsa
Shovqin solib boʻkirib,
Quvladi bizni rosa.
Boʻri dedi:
– Traktor?
Koʻrmaganman hech uni.
Lekin, uka, sogʻ boʻlsak,
Yeb koʻramiz bir kuni.
Anvar Obidjon