- Rukn: Sheʼrlar
- 1021 marta ko‘rilgan
Vaqtning hajmi qancha?
Oʻylab koʻrsam, vaqt degan
Rezinali toʻrxalta.
Neki tiqsang ichiga
Sigʻaverar, zoʻr xalta.
Masalan, bir soatda
Nimalar qilish mumkin –
Kitob, gazeta oʻqish,
Samokat minish mumkin.
Doʻsting bilan urishib,
Mumkin hatto yarashish.
Tort yeyayotgan ukangga
“Yordamlashish”, “qarashish”,
Algʻov-dalgʻov qilib soʻng
Mumkin yigʻish uy ichin.
Koʻchirish mumkin hatto
Telefonda uy ishin.
Ha, shularning bariga
Bir soatgina darkor.
Bir kunda bir soatdan
Yana, eh, qanchasi bor!
Harakat zoʻr boʻlsa vaqt
Rezinali toʻrxalta.
Neki tiqsang ichiga
Sigʻaverar, zoʻr xalta!
Hamza Imonberdiyev