- Rukn: Sheʼrlar
- 576 marta ko‘rilgan
Soʻrov
Yaproqlarning boshin silading,
Daraxtlarga oʻrgatding oʻyin.
Bulutlarni “yum-yum” yigʻlatding,
Buzib qoʻyib nogohon “toʻyin”.
Shamol, bitta yuzingni koʻrsat,
Goh uvlaysan, goh chiyillaysan.
Seni kimdir quvlarmi bu payt?
Kayfiyating bilmay hayronman.
Xursandmisan, xafamisan, ayt,
Shamol, bitta yuzingni koʻrsat.
Yelayapsan, jivirlar buloq,
Kelayapsan, shivirlar yaproq.
Nima boʻlar oʻzing koʻrsatsang,
Nahot, yuzing shuncha badqovoq?
Shamol, bitta yuzingni koʻrsat,
Bir qarasam, yoʻqqa oʻxshaysan.
Bir qarasam, oʻxshaysan borga,
Tanib qoʻyay seni ham axir.
Bir bor xoʻp de, men qilgan zorga,
Shamol, bitta yuzingni koʻrsat!
Abdurahmon Akbar