- Rukn: Sheʼrlar
- 732 marta ko‘rilgan
“Shamol menga yoqadi”
Anor
Namanganda bir bogʻga kirsam,
Anorlari handalakcha bor.
Yorib koʻrsam, yoqut donlari
Xuddi qoʻlda terganday qator.
Qani, anor donalariday
Terolsaydim soʻzlar gavharin.
Bogʻbon kabi xalqimga men ham
Tutar edim sheʼriy daftarim.
Shamol menga yoqadi
Uchirsa ham doʻppini,
Shamol menga yoqadi.
Koyimanglar koʻp uni,
Shamol jonning rohati.
Xush koʻraman xoʻp uni,
Shamol meni “boqadi”:
Shox silkitib har kuni
Toʻp-toʻp yongʻoq qoqadi!
Shirin tush
Xursand uygʻonaman,
Koʻrsam shirin tush.
Yaxshi tush koʻrganda,
Koʻnglim boʻlar xush.
Sinadim: oʻngimda
Shod yurgan kunim,
Shirin tushlar koʻrib,
Oʻtadi tunim.
Palagi toza
Nega baʼzi kishini
“Palagi toza”, derlar.
Maqtab xulqi, ishini,
“Oling andoza”, derlar.
Qovun palagi toza,
Demak, tushmagan kasal.
Hosili ham moʻl rosa,
Mazasi ham naq asal.
Bogʻimday
Yomgʻir yogʻar shovullab,
Yuvar changni-gʻuborni.
Choʻmiltirib, bogʻimning
Husnin ochib yubordi.
Soʻlimlashdi barglari,
Mevalari yoqimtoy.
Jannatsimon bogʻ bormi
Dunyoda hech bogʻimday?
Togʻ rayhoni
Bir doʻst rayhon tutqazib,
Oliy himmat koʻrsatdi.
Bu – oddiymas, shifobaxsh
Togʻ rayhonin koʻchati.
Bogʻ toʻriga oʻtqazay,
Dimogʻlarni chogʻlasin.
Doʻst himmatin eslatib,
Yuraklarni bogʻlasin.
“Rahmat” menga tekkani
Mirzaterak novdasidan
Koʻp qalamcha tayyorlab.
Yoʻl boʻyiga mehr bilan
Qadagandim qatorlab.
El koriga yarab qoldi,
Yaxshi boʻldi ekkanim.
Odamlar uy qurib oldi,
“Rahmat” menga tekkani.
Topqir quyoncha
Dalada chopib yurib,
Quyoncha topdi zoʻr pat.
Bargdan yasab varaqni,
Dehqonga yozdi bir xat.
“Salom, dehqon bobojon,
Dalaga kelmaysiz hech.
Sabzilar ham yetilgan,
Terib oling boʻlmay kech.
Tunov kuni polizda,
Koʻrgan edim Tulkini.
Oʻzi yegan sabziga,
Aybdor qildi Ukkini.
Koʻrsichqon ham kavlabdi
Oʻra yonidan uya.
Aytib qoʻyay dedim-da,
Farqi yoʻq mengaku-ya.
Ichim achir koʻp mehnat
Qilgandingiz bahorda.
Bir oʻzim qoʻriqchimi
Shuncha katta angorda?
Hosilingiz yoʻqolmay,
Jon bobojon, keling tez.
Xabar bering oldindan,
Bilib qoʻyay oʻshal kez”.
Qish zavqi
Qor yogʻar mayin-mayin,
Oʻynab tushar atayin.
Quvonch toʻladi qalbga,
Qorni koʻrganim sayin.
Rangi billurdayin oq,
Momiqdek mayin, yumshoq.
Shakli turli ajoyib,
Mana, oʻzing koʻrib boq.
Qoʻndi novda ustiga,
Salom, dedi doʻstiga.
Kurtakcha ham jilmayib,
Oʻralar oʻz poʻstiga.
Gashti oʻzga, bebaho,
Oh, qanday toza havo.
Biram yoqar badanga,
Sogʻlom tanga zoʻr davo.
Changʻi ham uchdik picha,
Qoʻl-oyoqlar tolguncha.
Mazza qilib oʻynaymiz,
Yana bahor kelguncha.
Sulton Jabbor