Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xudoyberdi Toʻxtaboyev xotirasiga

Qadrli jurnalxonlar! Xabaringiz bor, shu yil 21-mart kuni Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, hammamizning sevimli adibimiz, oʻzbek bolalar adabiyotining mustahkam ustunlaridan biri, jurnalimizga 1978–1983-yillarda bosh muharrir boʻlgan, oʻzbek bolalar adabiyotini dunyoga tanitgan hassos ustoz Xudoyberdi TOʻXTABOYEV oramizdan ketdi.

Ustozning nomi yozgan asarlarida, uni sevgan, ardoqlagan barcha-barcha shogirdlari, adabiyot ixlosmandlari qalbida abadiy yashaydi.

Quyida eʼtiboringizga Xudoyberdi boboning kenja shogirdi, sirdaryolik ijodkor Yorqinjon Hayitboyevning ustoz xotirasiga bagʻishlab yozgan sheʼrini havola qilamiz.

Ishonamizki, u ustoz asarlarining barcha muxlislari qalbidagi tugʻyonlar ifodasi boʻlib yangraydi.

 

Bolasoy

Bu ne tong, qushchalar saqlaydi sukut,

Yuraklar uvushar, titrar, voy-voylar.

Biram qaqshayotir muzlagan vujud,

Nahot, toʻxtab qoldi ustoziy soylar?!

 

“Bolamov, Yorqinim”, degan yolqinim,

Koʻksimni kuydirib ketgan, otam-ey.

Bayramlar... Bayramlar qilyotgan kunim,

Koʻnglimni mahzunlar etgan, otam-ey.

 

Yigʻlaydi Hoshimjon, yigʻlaydi Oysha,

Akrom qovunchidan quvonch yoʻqoldi.

Shum xabar urchigach dovonlar osha,

Katta Tagobimiz kichrayib qoldi.

 

Mening qarogʻimga yoshlar toʻlyapti,

Cheksiz iztirobim qalbim qatida.

Taʼziya boʻlyapti, aza boʻlyapti,

“Shirin qovunlarning mamlakati”da.

 

Ruhim dalasida oʻsgan palakni,

Endi birov silab, bir tararmikan?

Soʻrasam, tilasam, Sizday kerakni,

Sehrli qalpoqcha qaytararmikan?!

 

O, toza yuragi mendan yosh, bobom,

Bola deb, bola deb oqqan soyim-ey.

Boshimga urilgan qaysi tosh, bobom?

Boʻm-boʻsh, boʻshab qoldi koʻngil joyim-ey.

 

Xudo bergan bobom, Xudo olganim,

Taʼrifda sigʻmaysiz doston, sheʼrlarga.

Ertaklar aytgani ketdingiz, bildim,

Yuragingiz kabi oppoq yerlarga.

 

Xudo bergan bobom, Xudo olganim,

Siz mudom yashaysiz adabiyotda.

Katta-yu kichikning qalbiga singib,

Bir haykal qoʻydingiz abadiyatga.

 

Yorqinjon HAYITBOYEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.