- Rukn: Sheʼrlar
- 815 marta ko‘rilgan
Qayta ketmas boʻlib keldingmi, bahor?
Yer-u samovotda Navro‘z nafasi,
Bog‘-u bo‘stonlarda andalib sasi,
Bu nafas, bu sasning yo‘q muqoyasi.
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?
Dastlab tong chog‘inda ko‘rgandim seni,
So‘ng Tangri tog‘inda ko‘rgandim seni,
Gullar yanog‘inda ko‘rgandim seni.
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?
Hali aytilmagan ta’rifing qancha,
Sen to o‘r-u qirni aylanmaguncha,
Bog‘lar gulga kirmas, ochilmas g‘uncha.
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?
Qoshlari o‘smalim, ko‘zi surmalim,
Etak-etak gulli, bari burmalim,
Seni dunyoda hech kima bermalim!
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?
Sen qayta yaralish, yoshlik timsoli,
Hayot baxsh etuvchi Masih misoli.
Sensiz odamzodning ne kechar holi,
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?
Yer birla osmonning tillaqoshi sen,
Aytar qo‘shig‘imning avval-boshi sen,
Oltin beshigimning safarboshi sen!
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?
Toʻra Sulaymon