- Rukn: Sheʼrlar
- 1714 marta ko‘rilgan
“Sizga mehrim boʻlakcha...”
Bayroq
Oʻn ikkita yulduzi,
Yarim oyi mujassam.
Undagi bor ranglarda,
Ulkan maʼno boʻlgan jam.
Qizil rang tomirimda,
Oqayotgan qonimdir.
Yurt bayrogʻi gʻururim,
Iftixorim, shonimdir.
Moviy rang osmonimdir,
Yashil qir-u dalalar.
Oq bu poklik ramzidir,
Esda tuting, bolalar!
Qulupnay
Ayni mavsum bogʻlarda,
Hil-hil boʻlib pishaman.
Gohida qolib dogʻda,
Qozonchaga tushaman.
“Nima uchun?” deysizmi,
Qiladilar murabbo!
Oʻz holimcha qishgacha,
Saqlash juda muammo.
Alvon rangli qiyofam,
Goʻyo mitti yurakcha.
Balki shuning uchun ham,
Sizga mehrim boʻlakcha.
Svetofor
Serqatnov koʻchalarda
Turgum yoʻlni koʻrsatib,
Qolmas hech kim xatarda,
Shahar boʻlmas betartib.
Yashil, qizil, sariq rang,
Bunda qonun mujassam.
Qoidani buzmasang,
Yoʻlovchisan chinakam.
Qizil chiroq yonganda,
Zinhor yurma, toʻxtab tur!
Yashil rang lip etganda,
Yoʻl seniki, tezda yur!
Mana koʻrding bolajon,
Men tinchingni oʻylayman.
Boʻlgin deya sogʻ-omon,
Bir zum tinim bilmayman.
Tipratikanning soʻzi
Onam, yumshogʻim, deydi,
Garchi toʻnim nish, tikan.
Yirtqichlar soya solsa,
Qalqonman nayzam bilan.
Nishli doʻppi kiyvolib,
Berkitgum koʻz-qoshimni.
Toʻp misoli tepvorib,
Ogʻritmangiz boshimni.
Insonlarga xavfim yoʻq,
Maskanimdir bogʻ-chaman.
Nayza denglar, mayli oʻq,
Shu tuproqni quchaman.
Zumrad Masharipova,
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi