- Rukn: Sheʼrlar
- 4291 marta ko‘rilgan
Qo‘shiqlar yangrasa baralla
“Do‘stlik” ordeni sohibi Haydar Muhammad nomi xalqimizga tanish. Kattalar u kishining qator dramalari yoki hofizlar ijrosidagi o‘nlab mashhur qo‘shiqlarini, bolalar esa “Baxti erkatoy”, “Taka-taka shumtaka”, “Toychog‘im” singari yuzdan ortiq bolalar qo‘shiqlari orqali biladilar. Ularni maktabdagi bayramlarda mazza qilib ijro etadilar. Ha, iste’dodli ijodkor Haydar Muhammad nafaqat kattalarni, bolalarni ham juda yaxshi ko‘radilar. Shu bois bolalarga yoqadigan ko‘plab she’rlari qo‘shiqlarga aylangan. Aprel oyida Haydar bobo 80 yoshga to‘ldilar. Biz shoirimizni qutlug‘ yosh bilan tabriklar ekanmiz, ulardan yana ko‘p-ko‘p quvnoq she’r va qo‘shiqlar kutib qolamiz.
Hashar
Hamma ishchan, serg‘ayrat,
Har kim ish bilan mashg‘ul.
Xo‘p ajoyib harakat,
Rohatlanar dil-ko‘ngil.
Sulton, Tohir, Mirqodir,
Devor, daraxtni oqlar.
Lekin Xolvoy mug‘ombir,
Darrov o‘zini oqlar.
Qilgan ishin so‘rang bir,
Gap topadi ishqilib:
– Daraxtni ushlab turdim,
Ketmasin deb, yiqilib.
Faollar quloq soling,
Izza bo‘lsin tanbal Xol,
“Shiq”qa suratin oling,
“Chaqmoq”qa bering darhol.
Derlar, o‘zbekcha hashar,
Hashardan vatan yashnar.
Bu yurtning yoshlari
Daryolar top-toza oqsalar,
Oqshomda ming chiroq yoqsalar.
Odamlar kulishib boqsalar,
Bilingki bu yurtning yoshlari
Mehribon, sog‘-omon.
Tinch-omon bo‘lsa gar mahalla,
Qo‘shiqlar yangrasa baralla.
Taralsa yor-yorlar va alla,
Biling-ki, bu yurtning yoshlari
Posbon, qahramon.
Keksalar izzatli bo‘lsalar,
Onalar shodlikka to‘lsalar.
Gulzorlar yayrashib kulsalar,
Biling-ki, bu yurtning yoshlari
Bilimdon, g‘azalxon.
Elatlar do‘stlikni kuylasa,
Elchilar ellarni ulasa.
Odamlar bir-birin siylasa,
Biling-ki, bu yurtning yoshlari
Bilimdon, mard o‘g‘lon.
Haydar MUHAMMAD