- Rukn: Sheʼrlar
- 572 marta ko‘rilgan
Qutlov
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, pedogog, ijodkor Negmurod GULIYEV yaqinda 70 yoshini qarshiladi. Ustoz ko‘p yillik faoliyati davomida o‘quv uslubiy qo‘llanmalar bilan bir qatorda o‘quvchilar uchun “Bir qadam”, “Senimi shoshmay tur!”, “Qiziqarli matematika”, “Matematikadan 90 jumboq”, “Alifbodan boshlanar Vatan” singari qator qiziqarli kitoblar ham yaratdi. Uning turli mavzudagi she’r va jumboqlari o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otgan.
“Gulxan” jurnali jamoasi Negmurod Guliyevni qutlug‘ 70 yoshi bilan qutlab, uzoq umr, sihat-salomatlik tilaydi.
O‘ZBEKISTON
Yurtim, saxiylikda Hotamsan beshak,
Yaxshi-yu yomonga birdek kuyunchak.
Tuprog‘ingda oltin gullagan chechak,
Latif, bag‘ri kengsan, O‘zbekistonim.
Quyosh kuni bo‘yi senga mahliyo,
Tunlar boshing uzra bedor surayyo,
Tangridan ne so‘rsang etgay muhayyo,
Ko‘zga yaqin mengsan, O‘zbekistonim.
Do‘stga mehr bilan boqar qarog‘ing,
Adolatdir dilda mangu qaroring.
Mag‘rur hilpiraydi ko‘rkam bayrog‘ing,
Tenglar ichra tengsan, O‘zbekistonim.
FARG‘ONIY BOBOM
Shom-u Bag‘dod, Misrdan o‘tgan,
Arabiyda kitoblar bitgan.
Ko‘p sirlarning tubiga yetgan,
Ilm-u ijod sultoni bobom,
Ahmad bobom, Farg‘oniy bobom.
Yetti iqlim tavsifin tuzgan,
Xaritada jahonni chizgan.
Tafakkuri yulduz-la suzgan,
Zehni ko‘kning narvoni bobom,
Ahmad bobom, Farg‘oniy bobom.
Ovro‘pada Alfraganus,
Usturlobi Nil uzra fonus.
Yozganlari hayotiy qomus,
Sharqning G‘arbda bog‘boni bobom.
Yaratganning nazari tekkan,
Zaminiga baraka yuqqan,
Ilm nurin qalbiga ekkan,
Ona yurtim dil shoni bobom,
Ahmad bobom, Farg‘oniy bobom
NECHA QOP
Sakson yetti to‘rvada
Ombordagi jami un.
Taqsimlandi mahsulot,
Mijozlarga uzzu-kun.
Kechga borib oxiri,
Qoldi undan o‘n uch qop.
Do‘konlarga qanchasi
Tarqatilganini top!
(Javob: 74 qop)
Negmurod GULIYEV