- Rukn: Sheʼrlar
- 1763 marta ko‘rilgan
Oʻzbek onasi
Mushtipar ham o‘zing, buyuk ham o‘zing,
Kuyinchak ham o‘zing, kuyuk ham o‘zing.
Olamga tatirlik suyuk ham o‘zing,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.
Seni To‘maris deb, maqtaganim bor,
Sen Temur beshigin tebratgan bedor,
Sensan Bibixonim, Nodirayi zor,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.
Vatanni Ona deb bekor aytilmas,
Ona buyurganda yo‘ldan qaytilmas,
Sen o‘zing Ka’bamsan, Bayt-ul muqaddas,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.
Gohida balqiding Barchindek to‘lib,
Go‘zadek quriding Tursunoy bo‘lib,
Timsoling yalovda yulduzdek kulib,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.
Farzanding quvonsa, sen ham quvonding,
Faqat bolam deding, yashading, yonding,
Nokasi uchrasa, o‘rtanding, tonding,
Payt kedi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.
Kelajak toychog‘-u toyingizdadir,
Jannat ham, albatta, poyingizdadir,
Vatan-ku Siz turgan joyingizdadir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi.
Sizga ta‘zim qilib turibman bu payt,
Sizga baxshidadir eng shohona bayt,
Aziz el-u yurtga duolaring ayt,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, o‘zbek onasi, o‘zbek onasi!
Abdulla ORIPOV