- Rukn: Sheʼrlar
- 570 marta ko‘rilgan
Demak, bahor keldi...
Sindi qish to‘qigan muz hisli qafas,
Mana, yana qushlar chug‘urlab qoldi.
Ona nigohiday muloyim nafas
Zamin-u osmonni bag‘riga oldi,
Demak, bahor keldi.
Bu nafasdan yerda keksa-yu yoshning
Odmi chehrasida ezgu ro‘shnolik,
Dov-daraxt kiyajak zilol libosing,
Zilol barin tutib yugurar shodlik,
Demak, bahor keldi.
Kelar deb shu siyqa qadim yo‘l bilan,
Ezgu intiqlikda ko‘pchibdi toshlar.
Ne takror, betakror iliq qo‘l bilan
Sochmoqda gullarga ishqdan quyoshlar,
Demak, bahor keldi.
Saxovat momosi tog‘ning ko‘ksidan
Ko‘pirib, hayqirib suti to‘kilmish.
Zarrasi sochilgan muzlar ustida
Shoshqaloq g‘unchalar choki so‘kilmish,
Demak, bahor keldi.
Hamisha ne’matga homila tuproq
To‘lishgan tanini solmish oftobga.
Dehqon qulog‘iga tanish qo‘ng‘iroq
Jarangdor kurtaklar yetibdi tobga,
Demak, bahor keldi.
Yana bedor, ma’sum tun og‘ushida
Odimlaydi sirlar, shirin shivirlar.
Betobe shabboda nur hovuchida
Yulduzday sepmakda jodu sehrlar.
Demak, bahor keldi.
Zulfiya