- Rukn: Sheʼrlar
- 440 marta ko‘rilgan
Bahor ilinjida
Qish qahrida qoraygan shahar
Dov-daraxtlar turar yalang‘och.
Xo‘mrayadi sovuq binolar
Charx urmagan hali qaldirg‘och.
Binafshaning mayin patlarin
O‘pgim kelar mushtoq ko‘z bilan.
Yalpizlarning yashil xatlarin
O‘qisam ishq bergan so‘z bilan.
Shamollarning nog‘orasiga
O‘ynamagan lolaqizg‘aldoq.
Dala-dashtda tosh orasiga
Sochilmagan boychechak-bodroq.
Cho‘pon-cho‘liq o‘tovlariga
Mo‘ralamas Oy – xayolparast.
Tog‘ning sirli o‘mrovlarida
Uxlab yotar chashmalar ham mast.
Termulaman qorga bosh qo‘yib
Qishga bandi yotgan bog‘larga.
Xayol degan ozod, hur kiyik
O‘ynab yurar qorli tog‘larda.
Oydin HOJIYEVA