- Rukn: Sheʼrlar
- 458 marta ko‘rilgan
Yana bodom gulladi
O, yana bahor keldi,
Ko‘ksimda jon gulladi.
Qorlarni pisand qilmay,
Yana bodom gulladi.
Qish qahrini olmay tan,
Bahorni aylab Vatan.
Qo‘shiqlar kuylab sho‘x-shan
Yana bodom gulladi.
Xavotir oldim behad,
Sovuq urib ketsa shart.
Demayin, bu vaqt-bevaqt,
Yana bodom gulladi.
Gullari harir libos,
Paripaykarlarga xos,
Ochilib biram qiyg‘os,
Yana bodom gulladi.
Quyoshga kulib-kulib,
Qishning ko‘ksini tilib,
Qishdan qochib, berkinib,
Yana bodom gulladi.
Bodom u bodom emas,
Bahor ishqi ila mast.
U ko‘nglimdir ishqparast,
Yana bodom gulladi.
Sharifa SALIMOVA