- Rukn: Sheʼrlar
- 432 marta ko‘rilgan
Oʻtinch
Derazam ortida menga sezdirmay
Sokingina o‘tib ketadi bahor.
Urishib qolgandik ancha yil oldin –
U mening qalbimni etganda abgor.
Javdirab boqqanda ko‘zimga har gal
Kechirgim keladi uni yurakdan.
Qachondir u bergan dardning azobi
O‘tib ketgan edi suyak-suyakdan.
Neki o‘tgan bo‘lsa o‘tdi oradan,
Tozaladim dilda qolgan g‘uborni.
U ham meni juda sog‘ingan kabi
Men ham sog‘inibman, axir, bahorni.
Undan ginam yo‘qdir, arazim yo‘qdir,
Yashil xotiramning sirdoshi hulbo‘y –
Qalbimga sen uning qalbini chorlab
Meni bahor bilan yarashtirib qo‘y.
Halima AHMEDOVA