- Rukn: Sheʼrlar
- 405 marta ko‘rilgan
Qutlov
Bugun o‘zining qutlug‘ 60 yoshini nishonlayotgan taniqli shoir Muhiddin Omonning “Sohir so‘zlar sandliqchasi” deb atalgan kitobini o‘ziga xos so‘zlar xazinasi – Sizlarning ilk izohli lug‘atchangiz desak xato qilmagan bo‘lamiz. Negaki, kitobdan o‘rin olgan she’rlar vositasida siz bebaho ona tilimizdagi ko‘plab so‘zlarning ma’no va mazmunini anglab olasiz.
Quyida sizni so‘zlarning sehrli olamiga sayr qildiruvchi mazkur kitobdan o‘rin olgan ayrim she’rlar bilan tanishtiramiz.
Favvora
Favvorajon, favvora,
Zilol suvning konisan.
Jazirama issiqda,
Tanamning darmonisan.
Sensan shahar, bog‘larning
Husnu ko‘rkiga sayqal,
Buyuk ajdodlarim ham
Bilganlar ming yil avval.
Deydilar Temur bobom,
Dam olay, deb gohida...
Favvoralar qurdirgan,
Oqsaroyning toqida.
Sen esa suyuk hanuz,
O‘zgarsang-da, o‘shasan,
Hatto kuy chalib maxsus,
Rangli raqsga tushasan...
Shul sababdan e’zozlab,
Parvonamiz biz har dam.
Hatto senga bag‘ishlab
O‘tkazamiz Bayram ham!
***
Inshoot
Inshoot ham asli bino,
Biroq katta, muhtasham.
Inshoot deb atalgaydir
Zavod – fabrikalar ham.
Inshootdir, Suzish havza,
Hamda Sport saroyi,
Inshootlar ko‘payganda,
Oshar yurtning chiroyi...
***
Ijod
Tilimizda Ijod degan
Xo‘p ajoyib so‘z bordir.
O‘ylab ko‘rsak har bir bola -
Aslida ijodkordir.
Ijodkordir agar do‘sting
Bog‘chada solsa surat.
Yoki jo‘shib raqsga tushsa,
Bu ham shundan dalolat...
Ijod qilish, iste’dod ham
Istak orzu ro‘yobi,
Jo‘shqin ijod mahsulidir,
Shoirning har kitobi....
Muhiddin OMON